O‘zbekiston tabiiy gaz importini 7 barobarga oshirgani ma’lum bo‘ldi. Natijada budjet xarajatlari 25 foizga oshib, defitsit 6 foizga yaqinlashib qolgan. Energetika sohasida tariflar liberallashtirilyapti. Oltin-valuta zaxiralari ketma-ket beshinchi oy kamaydi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari iqtisodiy taymlaynda.

Juma kuni Markaziy bankning bank nazorati qo‘mitasi qabul qilgan qaror konvertatsiyaga cheklov haqidagi shov-shuvni keltirib chiqardi. Qarorga ko‘ra, 18 sentabrdan boshlab yuridik shaxslarning asosiy hisobvarag‘i ochilgan banklardan tashqari boshqa banklarda valuta sotib olishi va boshqa valuta operatsiyalarini amalga oshirishi taqiqlanishi ko‘zda tutilgandi. Shuningdek, banklar va biznesga oid boshqa valuta cheklovlari ham kiritilishi kutilgandi.

Jamoatchilikda katta xavotir bilan qabul qilingan qaror, xayriyatki, ertasi kuniyoq bekor qilindi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov valuta konvertatsiyasida orqaga qaytish haqida gap bo‘lishi mumkin emasligi, qarordan maqsad konvertatsiyani cheklash emas, komplayens nazoratni kuchaytirish bo‘lganini aytdi. “Falsafada shunday bir qarash bor: jamiyat qabul qilmagan qaror – noto‘g‘ri qaror, u qaysi maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishidan qat’i nazar”, – dedi Mamarizo Nurmurodov.

Budjet xarajatlari chorak martaga oshgan, defitsit salkam 6 foiz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yil 1-yarim yilligida budjet ijrosiga oid hisobotni e’lon qildi. E’tiborlisi, joriy yilgi budjet qonunida konsolidatsiyalashgan budjetning yillik defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi ko‘rsatilganiga qaramay, 6 oyda taqchillik 5,7 foizga yetgan. Davlat xarajatlarining daromadlariga qaraganda bu darajada oshib ketishi hatto pandemiya yilida ham kuzatilmagan edi.

Raqamlarga qaralsa, 2023 yilning olti oyida davlat daromadlari 153,8 trln so‘mni, xarajatlari 180,8 trln so‘mni tashkil etib, taqchillik 26,9 trln so‘mga yetgan. Bu defitsit asosan o‘tgan yilgi qoldiq mablag‘lar va qarz olish hisobiga qoplangan.