Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan eng muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Toshkentning iflos havosi: rasmiylar izohi

Toshkent shahrida daraxt kesishga moratoriy e’lon qilinganidan buyon 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesib yuborilgan. Bu dahshatli raqamni juma kuni Ekologiya vazirligi ma’lum qildi. Shu rasmiy raqamga asoslanib, agar 1 dona daraxt taxminiy hisobda o‘rtacha 4 kvadrat metr joyni yashil saqlab turadi deb hisoblasak, u holda oxirgi 4 yil ichida O‘zbekiston poytaxti kamida 20 gektar yam-yashil hududini yo‘qotgani ma’lum bo‘ladi. Bu degani, 2019 yil 1 noyabridan to hozirgacha shahar markazidagi Mustaqillik maydoni yoki Milliy bog‘ hududiga teng hajmdagi yashil hudud yo‘q bo‘lib ketgan.

Bunday ko‘lamdagi daraxtlar qirg‘ini aynan moratoriy amal qilayotgan paytda ro‘y berganiga aql bovar qilmaydi. Va bu statistikaga ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlar qo‘shilmagan. Agar jarayon shu zaylda ketadigan bo‘lsa, bizni bundan-da og‘ir oqibatlar kutib turgani aniq. Bunday oqibatlardan eng ko‘zga ko‘rinarlisi – havo sifatining yomonlashishi va buning natijasida allergiya va boshqa kasalliklarning ko‘payishi bo‘lyapti. Toshkent bu hafta ham dunyo bo‘yicha havosi eng iflos shaharlar o‘nligiga kirdi.

Toshkent havosidagi g‘ubor osmondan qanday ko‘rinadi?

Shunday sharoitda, uzoq vaqtdan beri sukut saqlab kelayotgan Ekologiya vazirligidan nihoyat sado chiqdi. Kun.uz savollariga javob bermay kelayotgan vazirlik, oxir-oqibat muxbirimiz kamerani yoqqan holda izoh so‘rab borganidan keyin, ertasiga bayonot e’lon qildi, matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda havo ifloslanishining sabablari va muammo yechimlari bo‘yicha takliflar sanab o‘tilgan. Sabablar qatorida birinchi bo‘lib yashillikning kamayib ketgani, moratoriy davrida 49 mingta daraxt noqonuniy kesib tashlangani, shaharda haligacha bosh reja yo‘qligi, qurilishlarning betartibligi keltirib o‘tilgan.