Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil yakunlari: O‘zbekiston 2025 yilni qanday o‘tkazdi?
Bugun – 31 dekabr. 365 ta bekatni bosib o‘tgan 2025 yil poyezdi o‘tmish qa’riga yo‘l olish fursatini kutyapti. Kun.uz esa o‘z an’anasiga binoan, bu yil O‘zbekistonimiz solnomasida qanday iz qoldirganiga nazar tashlaydi.
Yilnoma mas’uliyatini his qilgan holda, biz unga eng salmoqli mavzularni tanlab oldik. Siyosiy sahnadagi o‘zgarishlardan tortib, iqtisodiy shart-sharoitlargacha, eng shov-shuvli voqealardan tortib, erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalargacha – qisqa va lo‘nda qamrab olishga harakat qilamiz.
Siyosiy maydon
Yilnomani siyosiy sahnadagi o‘zgarishlardan boshlasak. Bu yo‘nalishdagi asosiy voqelik – Prezident administratsiyasiga rahbar tayinlangani bo‘ldi. Iyun oyida Administratsiya rahbari lavozimi qayta tiklanib, bu vazifaga Saida Mirziyoyeva tayinlandi. Siyosiy karerasini 2019 yilda boshlagan 41 yashli Mirziyoyeva tayinlovga qadar ikki yil davomida prezident yordamchisi sifatida ishlab kelayotgan edi.
Tayinlovdan keyin, Administratsiyada ko‘plab kadr o‘zgarishlari ro‘y bera boshladi. Avvalo, 7 yildan beri prezident yordamchisi sifatida davlat rahbariga eng yaqin shaxslardan biri, ta’bir joiz bo‘lsa Shavkat Mirziyoyevning “o‘ng qo‘li” bo‘lib kelgan Aziz Mag‘rupov lavozimini tark etdi. Shuningdek, iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchi Ravshan G‘ulomov, energetik siyosat bo‘yicha maslahatchi Alisher Sultonovning iste’folari ham alohida ahamiyatga ega.
Umuman olganda, oxirgi yarim yilda prezident maslahatchilaridan 5 nafarining yo lavozimi o‘zgardi, yoki ishdan ketdi. Administratsiyadagi departament rahbarlari esa to‘liq almashtirildi. Shuningdek, Administratsiya rahbarining 5 nafar o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Komil Allamjonov davlat xizmatiga qaytib, Administratsiya rahbarining maslahatchisi va Administratsiyaning AQShdagi vakili sifatida ish boshladi.
Saida Mirziyoyevaning faoliyati yangi lavozimda ham asosan ijtimoiy sohalar bilan bog‘liq bo‘lyapti, lekin bir qator holatlarda uning vakolatlari kengaygani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, giyohvandlikka qarshi kurashish va ekologik vaziyatni yaxshilash mavzularidagi yig‘ilishlarda Mirziyoyeva talabchan rahbar sifatida namoyon bo‘lgani, vazirlar va boshqa mansabdorlarni so‘roq-savolga tutayotganini ko‘rish mumkin.
Hukumatga kelsak, eng katta o‘zgarish Ichki ishlar vazirligida ro‘y berdi: Po‘lat Bobojonov vazir sifatidagi 7,5 yillik faoliyatidan keyin, prezident maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. Uning o‘rniga, 5 yildan beri Toshkent shahar IIBBni boshqarib kelgan Aziz Toshpo‘latov IIVning yangi rahbari sifatida ish boshladi. Ammo vazir ham, bir vaqtning o‘zida uning birinchi o‘rinbosari ham almashgan bo‘lsa-da, tizimda hal etilishi lozim bo‘lgan ko‘pdan ko‘p muammolar saqlanib qolmoqda.
Hududlar miqyosida esa, asosiy tendensiya – hokimlarning vakolatlari va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish siyosatining davom etishi bo‘ldi. Masalan, yarim yillik yakunlariga ko‘ra, davlat budjeti xarajatlari 13 foizga oshgan bo‘lsa, mahalliy budjetlar xarajatlari bundan ancha ko‘proq – 22 foizga oshgan. Bundan tashqari, 7 yil davom etgan hududlarni sektorlarga bo‘lib boshqarish amaliyoti tugatilganini ham O‘zbekistonning 2025 yilgi siyosiy hayotida muhim voqelik sifatida qayd etish mumkin.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning 2025 yilgi iqtisodiy hayoti haqida nimalarni aytish mumkin? Avvalo, aholimiz 38 milliondan oshgan bir paytda, ishsizlik darajasi uzoq yillik minimumga tushgani e’tiborga molik. Har holda, rasmiy statistika shunday. Bandlik vazirligiga ko‘ra, 3-chorak yakuni bo‘yicha ishsizlik ko‘rsatkichi 4,9 foizni tashkil etgan, bu – 2013 yildan keyingi davrdagi minimum ko‘rsatkich. Ishsizlikning 5-6 foizgacha bo‘lgan darajasiga iqtisodiyotda tabiiy deb qaraladi. Shu bilan birga, daromad solig‘i to‘lovchi jismoniy shaxslar soni deyarli o‘smayotgani – e’tiborga molik.
Rasmiylarga ko‘ra, bu yil iqtisodiy o‘sish 7 foizga yetishi, inflatsiya 7,3 foizgacha pasayishi kutilyapti. Kambag‘allik darajasi esa 6 foizga tushishi prognoz qilingan. Iqtisodiy o‘sishning tezlashishi – xizmatlar sektorining gurkirab o‘sayotgani, oltinning rekord narxlari va xorijdan pul o‘tkazmalarining keskin ko‘payishi bilan bog‘liq. Shunga muvofiq, aholining real daromadlari o‘sishi ham tezlashdi: Statistika agentligiga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida aholi jon boshiga real daromadlar 6,3 foizga o‘sgan.
Aholi daromadlarida xorijdan pul o‘tkazmalarining o‘rni yuqoriligicha qolyapti. 11 oylik yakunlari bo‘yicha pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga qaraganda 25 foizga ko‘payib, 17 mlrd dollardan oshib ketdi. Bu – kambag‘allikni qisqartirishda ham muhim ahamiyatga ega. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolganida, sentabr oxiriga kelib 8 ta viloyat aholisi kambag‘allashgan bo‘lardi.
Yilning iqtisodiy mundarijasini belgilab bergan asosiy voqeliklardan biri – oltin. Dekabr oyiga kelib, tilla narxi unsiyasiga 4500 dollarlik mutlaq yangi marrani zabt etdi. Asosiy eksport tovarimizning 1 yilda 70 foizgacha qimmatlashishi, bunga qo‘shimcha tarzda pul o‘tkazmalarining 25 foizga o‘sishi va boshqa omillar tufayli, 2025 yilda o‘ta noodatiy manzaraga guvoh bo‘ldik: mudom qimmatlashishiga o‘rganib qolganimiz AQSh dollari yil davomida so‘mga nisbatan qariyb 7 foizga arzonlashdi. Bungacha, dollar kursi 2 yil oldingi darajaga qaytib qolishi – fantastikadek gap edi.
1 dekabr holatiga Markaziy bankning oltin-valuta zaxiralari qiymati 61 mlrd dollardan oshdi va bu O‘zbekistonning suveren kredit reytinglari yaxshilanishida asosiy omillardan biri bo‘ldi. Joriy yilda S&P va Fitch agentliklari O‘zbekistonning suveren reytingini oshirgan bo‘lsa, Moody’s hozircha bunga shoshilmadi va faqat prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirish bilan cheklandi. Moody’s bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘zi bilan bir xil reytingga ega davlatlardan qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda ortda qolyapti. Ayni shu ortda qolish – 2030 yilgacha “investitsion” toifadagi suveren reyting olishni maqsad qilgan hukumat oldidagi asosiy chaqiriq bo‘lsa, ajab emas.
Qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashishdan tashqari, bevosita iqtisodiy siyosat bilan bog‘liq tarkibiy islohotlar zarurati ham saqlanib qolyapti. Proteksionistik choralarni birgina Piskent avtopoligonidagi hangomalar misolida yodga olishimiz kifoya: avvaliga navbat ajiotaji yuzaga keldi; buning ortidan navbatsiz sertifikat olib beruvchilar ham paydo bo‘ldi; shundan keyin laboratoriyaga olib kirilgan mashinalar tayinli tekshiruvsiz qaytarib chiqarilgani aks etgan video tarqaldi; keyinroq esa Leapmotor mojarosi o‘rtaga chiqdi.
Oxir-oqibat, sentabr oyiga kelib, muallifi ochiqlanmagan sirli topshiriq asosida, hammasi bir kundayoq taqa-taq to‘xtadi: Piskent avtopoligonidagi sinovlar bekor qilindi. Bu orada gibrid elektromobillarni olib kirishda ekologik sertifikat olish talabi qo‘yilgani, lekin 3 kunga bormay bu tartib bekor qilingani ham jamoatchilik hayratiga sabab bo‘lgan edi.
Lekin avtomobil importiga eng jiddiy to‘siq – sertifikatlar bilan bog‘liq emasdi: 1 maydan boshlab, elektromobillar importi uchun utilizatsiya yig‘imi 4 barobargacha oshirildi. 3500 dollarlik bu to‘lov, albatta, mahalliylashtiruvchilarga taalluqli emas. Rossiya tajribasidan kelib chiqsak, bunday notenglik 2026 yilga reja qilingan Jahon savdo tashkilotiga a’zolikdan keyin ham saqlanib qolishi mumkin. O‘zi umuman, aksariyat iqtisodchilar JSTga a’zo bo‘lish avtomobil bozorini erkinlashtiradi degan optimistik prognoz berishdan tiyilyapti.
Yil davomida proteksionistik cheklovlar jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga bojsiz tovar olib kirish normalari pasaytirilganida ham ko‘zga tashlandi. Bu masala ayniqsa iPhone 17 chiqqan payti tarmoqlarda rosa muhokama bo‘ldi, chunki chet eldan qaytayotgan vatandoshlar hatto o‘zlari uchun olgan shaxsiy iPhone'lari uchun ham boj to‘lashiga to‘g‘ri kelyapti. Keyinchalik, noyabr oyida qabul qilingan farmon bilan, shaxsiy ehtiyoj uchun tovar olib kirishdagi limitlar to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Dayjyestning iqtisodiy qismida yilning eng katta xususiylashtirish bitimlarini ham sanab o‘tsak: bu yil Samarqand avtomobil zavodidagi 75 foizlik davlat ulushi Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasiga 80 mln dollarga sotildi; Humo to‘lov tizimining 100 foiz ulushi 65 mln dollarga baholanib, Paynet ixtiyoriga o‘tdi; “Trest-12” qurilish kompaniyasining 51 foizi 111 mlrd so‘m evaziga Doniyor Komilovga sotildi; “O‘zshahar qurilish invest”, Dehqonobod kaliy zavodi va Talimarjon energetika majmuasidagi yirik IES kabi aktivlar qancha narxga xususiylashtirilgani esa ma’lum qilinmadi. Shuningdek, “Kvars” zavodining davlat ixtiyoriga qaytarib olingani borasida ham qator savollar ochiq qoldi.
Qonun ustuvorligi
Ichki siyosat haqida gap ketganda, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari alohida o‘rin tutadi. Chunki huquq va erkinliklarning amalda ishlashi ham, iqtisodiy taraqqiyot ham, xalqaro maydondagi raqobatdoshligimiz ham shu omillarga bog‘liq.
Jahon odil sudlov loyihasining “Qonun ustuvorligi” indeksida bu yil O‘zbekiston 2 pog‘onaga ko‘tarilib, 81-o‘ringa chiqdi. Bu yaxshi albatta, lekin 2-3 yil oldingi natijamiz bilan taqqoslaganda, pasayish bor. 2025 yilda O‘zbekiston bu indeksning odil sudlov va hukumat vakolatlarining cheklanishi subindikatorlarida o‘rnini yaxshilagan bo‘lsa, ochiqlik siyosati va fundamental huquqlar borasidagi o‘rnimiz yomonlashdi.
Fundamental huquqlar sirasida, so‘z erkinligi bo‘yicha 115-o‘ringa tushganimiz taassufli. “Chegara bilmas muxbirlar”ning Matbuot erkinligi reytingida esa bundan-da pastroq – 148-pog‘onada qolyapmiz. Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistondagi matbuot erkinligini o‘tgan yili 100 ballik tizimda 37 ballga baholagan bo‘lsa, bu yil mamlakatimizga undan ham kamroq – 35 ball berishdi. Bu yil Matbuot erkinligi indeksidagi o‘rnimiz o‘zgarmagan bo‘lsa ham, uning zamirida yotuvchi indikatorlarning beshalasida ham pasayish qayd etilgan.
Ayni paytda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati hamon doimiy muhokamalar markazida qolyapti. May oyida senator Abdurahim Erkayev sudlarda “telefon huquqi” davom etayotganini tanqid qilgan edi. Kuni kecha Akmal Shukurov ishi bo‘yicha apellyatsiya ajrimi katta shov-shuvni keltirib chiqardi. Ichki ishlar tizimida esa, farg‘onalik maktab direktori Gulira’no Qosimovaning tahqirlanishi, Farg‘ona viloyati YHXB boshlig‘ining xotiniga tegishli Malibu'da sodir etilgan o‘nlab qoidabuzarliklar tizimdan o‘chirib yuborilgani kabi bir qator holatlar yilning eng rezonansli voqealari bo‘ldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishga kelsak, afsuski, bu yo‘nalishdagi ayrim institutsional islohotlar bu yil ham amalga oshmay qoldi. Mart oyida davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash yana bir bor kun tartibiga chiqqandi, lekin shundan keyin bu masalada boshqa yangilik bo‘lmadi. Shuni inobatga olganda, nufuzli Transparency International tashkiloti indeksida O‘zbekistonning reyting ballari 10 yil ichida birinchi marta pasaygani bejiz emasdek ko‘rinadi.
2025 yil yana nimalar bilan yodimizda qolyapti?
Jizzaxda Markaziy Osiyodagi birinchi AES qurilishi boshlandi. 15 aprel kuni bo‘lajak stansiyaning ma’muriy binolari va omborlar qurilishi start oldi. 9 oktyabrda esa “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev va “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov kam quvvatli (110 MW) atom reaktorining binosi uchun kotlovan qazish ishlarini boshlab berdi. Shuningdek, bu yil katta AES masalasi yana siyosiy kun tartibiga qaytdi va bu borada Moskvada bir nechta hujjatlar imzolandi. 26 sentabr kungi bitimga asosan, Jizzaxdagi tanlangan maydonda ham kam quvvatli, ham an’anaviy yirik AES quriladigan bo‘ldi. Agar loyiha amalga oshsa, O‘zbekiston katta va kichik atom stansiyalarini bitta maydonda integratsiya qilgan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi. Kichik stansiyaning birinchi energoblokini 2029 yilda ishga tushirish reja qilinyapti.
Oliy ta’limda sirtqi shaklga qabul to‘xtatildi. 2017 yildan yo‘lga qo‘yilgan sirtqi ta’lim – oliy ta’limga qamrov darajasining oshishidagi asosiy omilga aylanib, oxirgi paytlarda sirtqida o‘qiyotgan talabalar soni kunduzgi ta’limda o‘qiyotganlarga yetay deb qolgandi. Bundan tashqari, “super-muper” kontrakt nomli tartib ham tugatilib, imtihonda o‘ta past ball to‘plagan ikkichilar uchun davlat oliygohlarining eshiklari rasman yopildi. Yil davomida xususiy universitetlar faoliyatiga talablar kuchaytirilib, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi va Kasbiy ta’lim agentligi kabi yangi tashkilotlar ochildi. Maktab ta’limida o‘qituvchilarga toifa berish tizimi shaffof shaklga o‘tgani sabab o‘qituvchilarning bilimi borasidagi “haqiqiy avhol ko‘rinib qolgani” aytilgan bo‘lsa, maktabgacha ta’limdagi nuqsonlar Toshkent va Jizzax viloyatlari bog‘chalarida ommaviy zaharlanishlarga olib keldi.
Tashqi siyosatda bir qator muhim yutuqlarga erishildi. Avvalo, Farg‘ona vodiysidagi chegaralar masalasiga ham ikki tomonlama, ham uch tomonlama kelishuvlar asosida nuqta qo‘yildi. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi amal qila boshladi, Afg‘oniston esa O‘zbekistonning uchinchi eng katta eksport bozoriga aylandi. Aprel oyidagi Samarqand sammitida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi bundan buyon strategik sherik ekanliklarini e’lon qildi. Keyinchalik O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasida uzoq kutilgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Rasmiy Toshkent yil davomida Fransiya, Slovakiya va BAA bilan munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqqani ham diqqatga sazovor. Shuningdek, bu yil MO yetakchilarining Toshkentda o‘tgan maslahat uchrashuvida ittifoqchimiz Ozarboyjon ham bu formatga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning avvaliga Nyu-Yorkda, keyin S5+1 doirasida Vashingtonda o‘tgan uchrashuvlari ham diplomatik maydonda yilning asosiy voqealari qatoridan joy oldi.
Salmoqli yutuqlar sport sohasida ham talaygina. Bu yil xalqimizning uzoq yillik orzusi ushaldi: milliy jamoamiz vanihoyat Jahon chempionatiga chiqdi. 5 iyun oqshomi, Abu-Dabida BAAga qarshi kechgan o‘yin yakunida hakam hushtak chalgan soniyalar – millionlab futbol muxlislari uchun nafaqat sportda, balki shaxsiy hayotda ham 2025 yilning eng hayajonli lahzalari bo‘lib qoldi. Shuningdek, Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga transferi o‘zbek futboli uchun olamshumul voqelik bo‘ldi. O‘smirlar milliy jamoamiz esa Osiyo chempionatini yaqqol favorit sifatida o‘tkazib, yakunda chempionlikka erishdi. Sportdagi yutuqlar qatorida 19 yashar Javohir Sindorovning sensatsiyasi ham katta o‘ringa ega: u Jahon kubogi g‘olibi bo‘lgan eng yosh grossmeyster sifatida tarix yaratdi.
2025 yil yakuni – havo sifati o‘ta yomonlashib ketgan haftalar bilan yodda qoldi. O‘ta quruq va yomg‘irsiz kechgan kuz oxirida, qalin smogni keltirib chiqargan inversiya hodisasining uzluksiz 3 haftadan ortiqroq davom etishi – ekologiya va odamlar salomatligini O‘zbekistondagi eng tashvishli masalaga aylantirib qo‘ydi. Natijada Respublika maxsus komissiyasi tuzilib, changni bostirish uchun salkam safarbarlik e’lon qilindi: shaharlarda ko‘chalar va daraxtlarga suv sepildi, favvoralar yoqib qo‘yildi; issiqxonalar, qurilishlar va sanoat korxonalari ustidan nazorat kuchaydi; Ai-80 benzini sotuvi uzil-kesil to‘xtatildi. Ayni shu kunlari Ekologiya qo‘mitasi faoliyati ham qayta ko‘rib chiqilib, uning vakolatlari jiddiy kuchaytirildi, ekopolitsiya tashkil etildi. Andijondagi hokimlar esa, “havoni ifloslayapti” deb somsapazlarning tandirlarini buzdirishi bilan, bu anomal kunlarning yanada esda qolarli bo‘lishini ta’minladi. Ayni paytda, yilning ekologiyaga oid ikkinchi eng shov-shuvli voqeasi – Chorvoq suv ombori atrofida kurort-shahar qurish g‘oyasini ham unutib bo‘lmaydi. Eslatib o‘tamiz, Sea Breeze Uzbekistan nomli ulkan loyihani amalga oshirishga Vazirlar Mahkamasi qarori bilan allaqachon ruxsat berilgan. Qaror qabul qilishdan oldin ekologik ekspertiza ham, jamoatchilik muhokamasi ham bo‘lgani yo‘q.
***
Kun.uz'ga va umuman ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga befarq emasligingizdan minnatdormiz. Bizni kuzatishda davom eting. 2026 yil O‘zbekistonimiz uchun, dunyo uchun tinchlik va ezgulik yili bo‘lsin.
Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
19:31 / 30.12.2025
Yil yakuni: 2025 yil O‘zbekiston iqtisodiyotidagi asosiy tendensiyalar
15:09 / 29.12.2025
Yil yakunlari. O‘zbek futbolidagi 10 muhim voqea
14:20 / 29.12.2025
🔴 LIVE: Katta kuchlar, kichik davlatlar va yo‘qolayotgan qoidalar | "Geosiyosat"
19:54 / 28.12.2025