Prezidentning turkiy davlatlarga tashrifi, oliygohlarga mandat natijalari, Prezident administratsiyasida yangi tayinlovlar, tortilib qolgan metan gaz — ortda qolgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Prezident administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston prezidenti yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, Aziz Mag‘rupov ham yangilangan tarkibda prezident yordamchisi lavozimini saqlab qolgan.

Farmonga ko‘ra, ikkita yordamchi lavozimi tuzilgan, olti nafar maslahatchi lavozimi qayta tashkil etilgan, shuningdek oltita departament tuzilgan. Administratsiya rahbari o‘rinbosari lavozimlari tugatilgan.

Nomlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Shuhrat G‘aniyev va Doniyor Qodirov prezident maslahatchilariga aylandi. Bungacha prezident maslahatchisi bo‘lgan Odil Abdurahmonov departamentga rahbar bo‘ldi, prezident maslahatchisi o‘rinbosari Qahramon Quronboyevga ham alohida departament rahbarligi berildi.

Shuningdek, ko‘p yillar energetika sohalarini boshqargan Alisher Sultonov prezidentning energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga, Komil Allamjonov esa Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi.

Vengriya va Ozarboyjon safarlari

O‘tgan hafta oxirida Vengriyaga amaliy tashrif bilan borgan Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi.

20 avgust kunidan boshlab Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladigan muhim voqea bo‘lishi ta’kidlandi.

Budapesht shahrida Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ham uchrashdi. O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.