Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Rossiyadan gaz importi boshlanmoqda

Markaziy Osiyo o‘z tarixida birinchi marta Rossiyadan tabiiy gaz import qilishni boshlayapti. 7 oktyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari Moskvada o‘tgan tantanali tadbirda rus gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start berdi. Buning uchun 1960-yillarda Turkmaniston va O‘zbekistondan Rossiyaga gaz uzatish uchun qurilgan “O‘rta Osiyo – Markaz” nomli magistral tarmoq oxirgi bir necha oy davomida teskari tartibda ishlashga moslashtirildi.         

Yevropaga gaz sotmayotgan Rossiya uchun eksportning bu yo‘nalishi yangi bozorni ochish va boshqa imkoniyatlarni taqdim etadi. Vladimir Putin hozircha kelishilgan yillik eksport hajmi kelgusida oshirilishi mumkinligini aytdi. O‘zbekiston esa rus gaziga energetikadagi mavjud o‘tkir disbalansga qisman yechim deb qarayapti. “UzGasTrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasidagi tijoriy shartnoma yiliga 2,8 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

2,8 mlrd kub metr hajm – O‘zbekiston o‘tgan 2022 yil davomida Xitoyga sotgan gaz hajmi bilan deyarli teng. Mamlakatda oyiga 3,5–4 mlrd kub atrofida gaz qazib olinadi. Oxirgi yillarda zangori yoqilg‘i eksporti sezilarli qisqargan bo‘lsa-da, uni qazib olish hajmi ham to‘xtovsiz kamayib boryapti. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–avgust oylarida jami 31,4 mlrd kubometr gaz qazib olingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 mlrd kubometr yoki 9,4 foizga kam.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya o‘z gazini Markaziy Osiyoga taklif etayotgani bundan bir yil oldin ma’lum bo‘lgan, o‘shanda Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama gaz ittifoqi tuzishni taklif qilgan edi. O‘zbekiston va Qozog‘iston bu hamkorlik ittifoq shaklida emas, tijoriy shartnomalar asosida bo‘lishini afzal ko‘rdi. “O‘zgidromet” tomonidan shu hafta e’lon qilingan prognozga ko‘ra, bu yilgi qishda 2023 yil yanvar oyidagidek anomal sovuq tushishi