O‘zbekiston | 20:53 / 10.07.2022
38261
7 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik qaytgan Qoraqalpog‘iston, Termizga uchgan raketalar, haydovchilar uchun xushxabarlar - O‘zbekiston hafta ichida

So‘nggi hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan yangiliklar, voqea-hodisalarni yodga olamiz. Hafta Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarga chek qo‘yilishi va Termiz shahriga Afg‘oniston tomondan uchirilgan raketalar bilan yodda qoldi.

Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar

3 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, Vazirlar Kengashi rahbarlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. Nukus tumanidagi «Samanbay» ovul fuqarolar yig‘iniga borib, yoshullilar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda davlat rahbari separatizmga, ommaviy tartibsizliklarga da’vat etadigan har qanday harakatlarga qonunchilikka muvofiq keskin chora ko‘rilishi, aybdorlar jazoga tortilishini aytib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan tashvishli voqealarni butun xalq chuqur dard va iztirob bilan qabul qilgani, bu sinovni og‘ir-bosiqlik, ahillik bilan ortda qoldirish kerakligini ta’kidladi.

Oliy Majlis qonunchilik palatasining deputatlari prezidentning taklifiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgartirishga oid normalarni Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan chiqarib tashlashni ma’qullashdi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 1–2 iyul kunlari Nukusda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar oqibatida jami 243 nafar shaxsga, jumladan 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan. Og‘ir tan jarohatlari tufayli 18 kishi vafot etgan. Qurbonlarning 4 nafari harbiylar bo‘lgan.

Xalqni noqonuniy mitingga chorlab, o‘zini qoraqalpoq eliga bosh qilishni so‘ragan bloger Dauletmurat Tajimuratov qamoqqa olingan. Qoraqalpog‘istonlik jurnalist Lolagul Qallixanova ham jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

AQSh, Yevroittifoq, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hukumatlari Qoraqalpog‘istondagi voqealarga munosabat bildirib, ularning aksariyati O‘zbekistonning hududiy yaxlitligini hamda osoyishtalik va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan qat’iy chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashlarini izhor etishgan.

Termizga kelib tushgan raketalar

5 iyul kuni soat taxminan 16:20 atrofida O‘zbekistonning chegaraoldi hududiga Afg‘oniston hududidan uchirilgan beshta reaktiv snaryad kelib tushgani qayd etildi. Snaryadlar tushganida portlashlar yuz bermagani sababli odamlar halok bo‘lmagan va vayronagarchiliklar ro‘y bermagan.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihullo Mujohid Termizga Afg‘oniston hududidan raketa hujumini uyushtirganlar do‘st O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ishonchsizlik muhitini yaratishni maqsad qilganini aytgan. «Tolibon» harakati raketa hujumi ortida turganlarni hibsga olish va jazolash uchun qidirmoqda.

Prezident administratsiya rahbari ishdan olindi

O‘zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq, Zaynilobiddin Nizomiddinov prezident administratsiyasi rahbari lavozimidan ozod etildi.

Z.Nizomiddinov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Qurbon hayiti keng nishonlandi

Yurtimizda 9 iyul kuni Qurbon hayiti keng nishonlandi. Bayram munosabati bilan o‘zbekistonliklar jami 4 kun dam olishadi.

Avtomobil egalari uchun xushxabarlar

Hafta ichida avtomobilchilar uchun ikki muhim yangilik ro‘y berdi. Xususan, 2022 yil 1 sentabrdan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalar my.gov.uz portali orqali elektron tarzda rasmiylashtiriladi. 6 oygacha muddatga beriladigan elektron ishonchnomalar uchun davlat boji keskin kamayadi.

Yuridik shaxslar haydovchilarining har 2 yilda majburiy malaka oshirishi tartibi bekor qilindi.

Shuningdek, 1 sentabrdan e’tiboran jismoniy shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan kirakash sifatida ro‘yxatdan o‘tib, yengil avtomobilda qonuniy ravishda yo‘lovchi tashishi mumkin bo‘ladi.

Hukumat qarori bilan avtomaktablar reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Reytingni tuzishda avtomaktablar bitiruvchilari nazariy va amaliy imtihonlarda qanday natija ko‘rsatgani, haydovchilik guvohnomasi olgandan keyin yil yakunigacha yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasdan qancha jarima balli yig‘gani, bitiruvchilarning aybi bilan nechta YTH sodir etilgani hisobga olinadi.

Abituriyent–2022

Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun test sinovlari ketma-ket uchinchi yildirki, koronavirus sababli stadionlar va xiyobonlarda o‘tkaziladi. Bu yil ham ushbu tartib saqlanib qoladi.

15 iyunda qabul qilingan oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risidagi prezident qarori bilan sportchilarning o‘qishga kirishdagi imtiyozlariga oid qism tahrirlandi. Imtihonsiz o‘qishga kiradiganlar ro‘yxatidan respublika turnirlari g‘oliblari butunlay olib tashlangan, Jahon va Osiyo chempionatlarining oxirgi to‘rt yillik g‘oliblari emas, oxirgi bir yillik g‘oliblari imtihonsiz o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Qoraqalpog‘istondagi internet muammosi tufayli qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qabul uzaytirilishini ma’lum qildi.

Iqtisodiyot yangiliklari

4 iyulda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining birja savdolari orqali ilk bor Uzbekistan GTL zavodida ishlab chiqarilgan 660 tonna tonna GTL dizel yonilg‘isi qo‘yildi va undan barcha hajmi sotildi.

Qoraqalpog‘istondagi «Nukus» erkin iqtisodiy zonasi hududidagi 30 gektar bo‘sh yer maydonida prezident qaroriga ko‘ra «Nukus texnoparki» maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda 3 yildan 10 yilgacha foyda solig‘idan ozod etiladi.

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab xususiy AYoQShlarda benzin narxi oshdi. «O‘zbekneftgaz» izohiga ko‘ra, bu – yuqori oktanli benzin importi qisqargani bilan bog‘liq. Buning ortidan mahalliy AI-80 benziniga talab oshib, natijada uning ham narxi qimmatlamoqda ekan.

2022 yilning dastlabki besh oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasi 22 foizga, O‘zbekistondan YeIga eksport hajmi esa 86 foizga oshgan.

Iqtisodchi tahlilchilar ayni davrda Yevrosiyo iqtisodiy ittofiqiga kirish yanada xavfli bo‘lib qolgani, Jahon savjo tashkilotiga O‘zbekistonning a’zoligini yanada tezlashtirish kerakligini ta’kidlashmoqda.

Mavzuga oid