Ortda qolayotgan haftaning Oʻzbekiston hayotiga oid ayrim muhim yangiliklari - Kun.uz dayjestida.

Ikkinchi va uchinchi AESlar ham rejada

Jizzaxda qurilayotgan atom elektr stansiyasi Oʻzbekistondagi yagona AES boʻlmasligi tobora oydinlashib boryapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi va hatto uchinchi atom elektr stansiyasini ham qurish rejalari borligini maʼlum qildi. Davlat rahbari bu haqda juma kuni energetika sohasidagi investorlar bilan uchrashuvda aytib oʻtdi.

“Ertaga yangi hamkorlarimiz bilan ikkinchi AESni qurish masalasida investorlar bilan gaplashamiz. AESga juda katta eʼtibor beryapmiz, bizda uran ishlab chiqarish koʻpayyapti. Uran ishlab chiqarishga juda katta sarmoya jalb qildik, tajriba orttirdik. Birinchi AESni boshladik, ikkinchi va uchinchisiga ham rejalarimiz bor”, – dedi prezident.

Jahon yadro assotsiatsiyasi maʼlumotiga koʻra, mamlakatimiz 2024-yilda uran ishlab chiqarish boʻyicha jahonda beshinchi oʻrinda turgan – oʻsha yili Oʻzbekistonda taxminan 4 ming tonna uran ishlab chiqarilgan. Geologiya vazirligiga koʻra, 2025-yilda bu koʻrsatkich 7 ming tonnaga yetgan, 2026-yilda esa 8 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Uran ishlab chiqarish hajmini 2030-yilga borib 15 ming tonnagacha oshirish maqsad qilinmoqda.

Mahalliy xomashyo bilan taʼminlangan 2-3 ta AES qurish – asosan tabiiy gazga tayanadigan hozirgi energotizimni uzoq muddatda diversifikatsiya qilish, gazga qaramlikni kamaytirish nuqtayi nazaridan jozibali koʻrinadi. Qolaversa, 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 54 foizga yetishi