2018 yilda juda ko‘p yangi tayinlov bo‘ldi. Shu bilan birga vazirlik rahbarlari ham ko‘p o‘zgardi. Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida faqat Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov vazir sifatida o‘z lavozimini saqlab turibdi​. U 2012 yildan buyon O‘zbekiston tashqi siyosiy mahkamasi rahbari sifatida faoliyat yuritadi. So‘nggi ikki yilda, barcha vazirlik rahbarlari almashdi, boshqa lavozimga o‘tkazildi yo ishdan bo‘shatildi.

O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda jami 21ta vazirlik mavjud. Oxirgi 2 yil ichida vazirliklar soni 6taga ko‘paydi, jumladan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi shular sirasidan. 

Xalq ta'limi vaziri - 2018 yil iyundan buyon Sherzod Shermatov

Sherzod Shermatov

2013 yil fevralidan 2018 yil 20 iyuniga qadar Xalq ta'limi vaziri bo‘lgan Ulug‘bek Inoyatov Samarqanddagi tadbirda ishtirok etayotgan vaqtida ishdan bo‘shatildi va uning o‘rniga Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov yangi vazir etib tayinlandi. Ushbu tayinlov yilning eng yorqin lavozimiy o‘zgarishlaridan biri bo‘ldi. Davlat rahbarining ta'rifiga ko‘ra, Inoyatov «eski odam». Shuningdek, u prezident bilan 1,5 yil ishlab, birorta taklif bermagani tanqid qilingan.

«Tizimda korrupsiya, maktablarda korrupsiya bo‘lib ketgan. Toshkent shahridagi ahvolga maymunlar yig‘laydi», - deb Xalq ta'limining o‘sha paytdagi ahvolini izohlagan Mirziyoyev.

Shundan keyin Ulug‘bek Inoyatov Namangan davlat universiteti rektori bo‘lgani ma'lum bo‘ldi.