Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

Prezident uy-joylar narxi oshib ketmasligini ta'minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 oktabr kuni aholini uy-joy bilan ta'minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ta'kidlandi.

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, xalqimiz ehtiyojini to‘la qondirish uchun har yili 145 ming xonadondan iborat uylar qurish kerak. Buning uchun esa qariyb 30 trillion so‘m zarur bo‘ladi. Bu mablag‘ esa davlat budjetining 23 foizidan ziyodini tashkil etadi.

«Masalan, g‘isht o‘rniga gazobeton va penobetondan foydalanilsa, ishlab chiqarishda gaz sarfi 8 baravar kamayadi hamda issiqlik saqlash 5 baravar oshadi», degan prezident.

Yg‘ilish davomida Shavkat Mirziyoyev uy-joyga muhtoj oilalarni tanlab olishda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilayotganini qoraladi. 

Qurilish sohasida ham raqobat va sifat bo‘lishi uchun buyurtmachi funksiyasi «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasidan bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazilishi belgilandi.

Yangi tizimga muvofiq, ko‘p qavatli uy-joy qurilishi tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat tomonidan yer va ipoteka krediti uchun banklarga mablag‘ ajratiladi. Uy-joylar narxining oshib ketmasligi va hamyonbop bo‘lishini ta'minlash bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladi.