«Quvilish» tarixi

Zoyir Mirzayev Shavkat Mirziyoyev muvaqqat prezident etib tayinlangan vaqtda Samarqand viloyati hokimi edi. 2016 yil 4 dekabrdagi saylovlarda rasman O‘zbekiston prezidenti etib saylangan Mirziyoyev hukumat tarkibida qator o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Ana shu tayinlovlarda Zoyir Mirzayev ham hukumatdagi yuqori lavozimlardan birini egallagandi.

U 2016 yil 15 dekabrdan 2018 yil fevraligacha bosh vazir o‘rinbosari – Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari (bir vaqtning o‘zida qishloq va suv xo‘jaligi vaziri) bo‘lib ishlagan. 2018 yilning oktyabrida uning lavozimi bosh vazir o‘rinbosari – agrosanoat, oziq-ovqat va xalq iste'mol mollari majmuasi rahbari deb qayta nomlangan.

2018 yil 26-27 oktabr kunlari ro‘y bergan voqealar Zoyir Mirzayevning karerasida o‘chmas iz qoldirdi. U bosh vazir o‘rinbosarligidan shov-shuvli tarzda ishdan olingandi.

Shov-shuvli iste'fo. Zoyir Mirzayev ishi endi yopildimi?

Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda 26 oktabr kuni olti nafar erkakning ariqda tizzagacha suv ichida turgan surati tarqalgan, Kun.uz muxbirlari surishtiruvi davomida ushbu holat Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, «Abdunosir G‘ulom» fermer xo‘jaligi maydonida yuz bergani, fermerlar va tuman hokimligi mas'ullari g‘allani vaqtida sug‘ormagani uchun bosh vazir o‘rinbosari tomonidan shu tarzda jazolangani aniqlangandi