O‘zbekiston | 23:47 / 31.12.2018
125048
33 daqiqa o‘qiladi

2018 yilgi O‘zbekiston: unutilmas voqealar va ochiq qolgan savollar

Bugun, 31 dekabr, 2018 yilning oxirgi kuni. Kun dushanba bo‘lishiga qaramasdan 29 dekabr (shanba) bilan almashtirilgan dam olish kuni. Bankirlar, soliqchilar va jurnalistlar esa bundan mustasno. Bugun Kun.uz yil yakunlarini hisobot qiladi, hisobotda ayrimlar hisobot qilishda mustasno bo‘lgani haqida ham gap ketadi.

Aqto‘be fojiasi

2018 yilning 18 yanvar kuni va undan keyingi kunlar O‘zbekiston uchun motamga aylandi. Shu kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti hududida, Samara-Chimkent trassasi 1068-kilometrida haydovchilar bilan birga jami 57 kishi bo‘lgan avtobus yonib ketgandi. Bu fojia oqibatida O‘zbekistonning Rossiyaga ketayotgan 52 nafar fuqarosi halok bo‘ldi. Fojiadan 5 kishi omon qolgan, ularning 3 nafari qozog‘istonlik haydovchilar va 2 nafari O‘zbekiston fuqarolari edi. Avtobusning yonib ketishiga rasmiy sabab - texnik nosozlik va xavfsizlik texnikasiga rioya qilmaslik. 

Fojia qurbonlarining bir qismi Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidan, yana bir qismi Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidan edi. Qurbonlarning oila a'zolariga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishidan tashqari, internet nashrlarda xayriya mablag‘lari yig‘ib berildi.

O‘zbekiston hukumati bu fojia xorijga, xususan Rossiyaga aviachiptalar juda yuqori narxlarda belgilanganining ham oqibati ekanini hisobga olib, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi xalqaro reyslar uchun aviachiptalarni tannarxidan arzonroqqa sotishiga ruxsat berdi. O‘zbekistonda loukosterlar paydo bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi.

Oktabr oyiga kelib YTH aybdorlari sifatida qo‘lga olingan avtobus haydovchilariga sud 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi.


«Obod qishloq» dasturi ijrosi

Shubhasiz yilning eng katta loyihalaridan biri.

2018 yilning fevral oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha ishlar boshlangandi. Namuna sifatida avval Jizzax viloyatidagi «Manas» qishlog‘i, keyinroq Samarqand viloyatidagi «Jom» qishlog‘i obod qilindi.

2018 yilning 29 martida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni imzolanadi. Shu kuni Prezidentning «Obod qishloq» dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ham imzolanib, dastur ijrosini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Dasturga ko‘ra, respublikada 2018 yil mobaynida 370 qishloq va mahallalar dasturga binoan obodonlashtirilishi belgilab qo‘yiladi. Obodonlashtirish ishlariga respublika bo‘yicha 6396ta tashkilot biriktiriladi.

Dastur doirasida aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan yo‘llarni qurish, avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta'mirlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlarini barpo etish, transport to‘xtash bekatlarini qurish, elektr ta'minotini yaxshilash, aloqa tizimini modernizatsiya qilish, aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isini uzluksiz yetkazib berish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlarni tubdan yaxshilashga e'tibor qaratish, bunda bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish, bozor infratuzilmasi obektlarini va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalarini barpo etish, uy-joylarni ta'mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam ko‘rsatish, avvalambor, qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta'minlash, muhtoj oilalar uchun homiylar va ish beruvchi korxonalar mablag‘lari hisobidan uy qurib berish va hokazo va hokazo ishlar belgilangandi.

Aslida amalda nimalar bo‘ldi? Kun.uz saytidagi maxsus «Obod qishloq dasturi» yoki «Kun.uz surishtiruvi» ruknlariga nazar tashlasak, vaziyat bir muncha boshqacharoq ko‘rinishda ekanini ko‘rish mumkin. Mahalliy nashrlarda dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar va obod qilingan qishloqlar haqida bot-bot materiallar berilgan bo‘lsada, aslida ko‘p joylarda muammolar nafaqat saqlanib qolgani, balki chuqurlashganiga ham guvoh bo‘lamiz. Qayerdadir abgor yo‘llar dasturga kirmay qolgan, qayerdadir bolalar abgor holatdagi bog‘chalar va maktablarda (ayrim hududlarda 3, hatto 4 smenada), qayerdadir ichimlik suvi yo‘q, qayerdadir qishloqlar obod qilinishi uchun majburiy mehnatdan foydalanilgan, qayerdadir tadbirkor nohaqliklar qurboniga aylangan, qayerdadir qurilish ishlari bahonasida odamlar norozi qilinib o‘z uylaridan chiqarib yuborilgan, yana qayerlardadir ishlar chala qolib ketgan, muhtojlar uchun esa saytlar xayriya qilib pul yiqqan...

Bu holat ishlar tizimli olib borilmagani, yuqoridan berilgan topshiriqlar pastda to‘liq ado etilmagani, hokimliklar va xalq o‘rtasidagi zanjirlar uzilgani, hali kamchiliklar juda ko‘pligini ko‘rsatadi.


Yoshlar Ittifoqi va tanqidlar

2017 yilning iyunida «Kamolot» YoIH o‘rnida tashkil etilgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab jamoatchilik diqqat markazida turibdi va hamon tanqidiy qarashlar nishonida qolmoqda.

O‘tgan yilda tashkilot bilan bog‘liq eng shov-shuvli voqea tashkilot raisi Qahramon Quronboyevning tushunarsiz harakatlari bo‘ldi. Avvaliga, 5 iyun kuni OAV vakillari bilan uchrashuvda to‘ylar haqida gapirar ekan, rais vodiy viloyatlaridan birida to‘y kortejini to‘xtatgani, kelin va kuyovni tushirib, taksiga o‘tqazib jo‘natib yuborganini faxrlanib aytdi va tartibni shunday amalga oshirish kerakligi, tarbiyani shunday berish kerakligini uqtirdi va o‘zining qanday darajadagi rahbarligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Ammo bunga bildirilgan munosabatlar, xususan, 9 iyun kuni e'lon qilingan, «yo‘lto‘sar raisdan joyni bo‘shatib qo‘yish» so‘ralgan maqoladan keyin u shu maqola nashr etilgan Kun.uz saytiga intervyu berdi hamda aslida voqea boshqacharoq bo‘lganini tan oldi.

Ittifoq raisi voqea aynan qayerda, qachon bo‘lganiga baribir aniqlik kiritmadi. Jurnalistlar vodiyda taksiga o‘tqazib yuborilgan kelin-kuyovlarni topa olishmadi. Yakunda savol baribir ochiq qoldi: Quronboyev inson huquqlarini toptaganmidi yoki yolg‘on gapirganmidi?

Ko‘p o‘tmay Prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar ittifoqi raisini keskin tanqid qildi. Keyin rais OAVda kamroq ko‘rinadigan bo‘ldi. Avgust oyida esa Qahramon Quronboyev Prezident maslahatchisi lavozimini tark etdi.

Lekin Yoshlar ittifoqi atrofidagi munozaralar to‘xtagani yo‘q. Sentabr oyida Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani Yoshlar Ittifoqi kengashi yetakchisi Nazarbek Mirzaqobulov tumandagi 59ta maktab yetakchilariga paxtaga odam chiqarish bo‘yicha xat yo‘llagani haqida xabar tarqaldi.

Telegram orqali yo‘llangan xat skrinshotida, tuman yetakchisi barcha maktab yetakchilariga paxta terimiga bir nafardan terimchi jalb etish, agar odam topolmasa, 100 ming so‘mdan olib kelish bo‘yicha topshiriq bergani, topshiriqni bajarmaganlar darhol lavozimdan ozod etilishi, bu hokimning buyrug‘i ekanidan ogohlantirgani yozilgandi. Bu xabar OAVda chiqqach, aynan shu skrinshot bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumani prokuraturasi va Andijon viloyat Bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat huquq inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida surishtiruv olib borildi. Aniqlangan holatlar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasida (mehnatga ma'muriy tarzda majburlov) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasining qarori bilan ma'muriy javobgarlikka tortilishi ta'minlandi.

Tashkilotga navbatdagi jiddiy e'tirozlardan biri uning «Skorpion» filmidagi ishtiroki yuzasidan kelib chiqdi. Katta mablag‘ sarflangani aytilgan (taxminan 4 milliard so‘m) film buncha mablag‘ga arzimasligi haqida taqrizlar yozildi, buncha pulga ancha saviyaliroq film ishlash mumkin bo‘lgani aytildi. Shuningdek, Yoshlar ittifoqi bu film uchun ma'lum miqdordagi mablag‘ni (turli xabarlarga ko‘ra 900 million so‘m, lekin tashkilot bu haqda aniq raqamlarni yashirdi) sarflab to‘g‘ri ish qilmaganini aytishdi. YoI uchun yana bir minus.

Tashkilot raisi bu safar o‘tgan yildagi kabi yil oxirida hisobot bermadi (o‘tgan yilning 26 dekabr kunida Qahramon Quronboyev yil yakunlariga bag‘ishlab hisobot bergandi. Bunga ma'lum ma'noda Kun.uz saytida 25 dekabr kuni e'lon qilingan «Yoshlar ittifoqini nega hamma yomon ko‘radi?» sarlavhali maqola ham turtki bo‘lgandi).

Bu o‘rinda shaffoflik haqida gap bo‘lishi mumkin emas.


Poraxo‘rlarga qarshi kurash yili

Yakunlanayotgan yil tom ma'noda O‘zbekistonda poraxo‘rlarga qarshi olamshumul kurash yili bo‘ldi.

Yil bo‘yi OAVda O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan pora olish va berish bo‘yicha to‘xtovsiz, aksariyati bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshab ketadigan xabarlar berildi.

Xabarlar pora beruvchilarga qarshi ov kampaniyasini eslatardi. Odatda huquqbuzarlar javobgarlikdan qutulish uchun pora taklif qilganida qo‘lga tushishdi, buning uchun rahbariyatga bildirgi yozgan xodimga mukofot pullari va'da qilgani ham asosiy omillardan bo‘ldi.

Pora berayotgan fuqarolarni tutib bergan militsiya, prokuratura xodimlariga taklif qilingan pora pulidan ko‘proq mukofot pullari, ayrim hollarda esa kattaroq lavozimlar ham taklif qilindi.

Yil oxiriga kelib bunday kurashga Kadastr qo‘mitasi ham qo‘shildi. Ma'lum miqdorda pora taklif qilgan fuqaroni tutib bergan kadastr xodimiga poraning 3 baravar miqdoridagi mukofot puli, pora miqdori kattaligiga qarab sanatoriyga yo‘llanmalar va'da qilindi.

Albatta, kelgusi yilda korrupsiyaga qarshi kurashning yangi, yanada samaraliroq va shaffofroq usullari ishlab chiqilishiga umid bildirib qolamiz.


YTH va statistikalar

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining rasmiy xabariga ko‘ra yakunlanayotgan yilning yanvaridan sentyabrigacha bo‘lgan muddatda O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 1,6 mingdan ortiq kishi vafot etgan, 6 mingga yaqin kishi turli darajada tan jarohatlari olgandi. Yakunlangan yil mobaynida ayrim haftalarda YTH qurbonlari soni 50 kishi atrofida bo‘ldi. 13 avgustdan 19 avgustga qadar 173 marta YTH ro‘y berishi oqibatida 46 kishi halok bo‘lib, 166 kishi jarohatlandi. Undan oldinroq 30 iyul—5 avgust kunlari jami 160 ta YTH yuz bergan, oqibatda 142 kishi tan jarohati olib, 44 kishi halok bo‘lgan edi. Keyingi haftada — 6—12 avgust kunlari yuz bergan 180 YTH oqibatida 27 kishi halok bo‘lib, 177 kishi tan jarohati olgandi.

Yil davomida bir necha shov-shuvli yo‘l-transport hodisalari ro‘y berdi.

Mart oyida prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi arafasida maktab o‘qituvchilari hasharga olib chiqildi. Kattaqo‘rg‘on tumani hududidagi trassani tozalashga majburan jalb etilgan o‘qituvchilardan biri — 23 yoshli Diana Yenikeyeva «Kamaz» yuk mashinasi urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi.

Bu voqea yilning eng katta rezonansli voqealaridan bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda, onlayn nashrlarda majburiy mehnatga qarshi tinimsiz chiqishlar bo‘ldi, mansabdorlar jurnalistlar va blogerlarning keskin tanqidiga uchradi. Yosh o‘qituvchining fojiali o‘limi alaloqibat majburiy mehnatga barham berilishidagi qurbonlikka aylandi. Hukumat bu borada amaliy qadamlar tashladi, o‘qituvchining o‘limida aybdor bo‘lgan shaxslar ishdan olindi va javobgarlikka tortildi.

Yana bir shov-shuvli YTH O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda uning o‘rinbosari, «O‘zbekneftgaz» rahbari Alisher Sultonov ishtirokida edi. 20 avgust kuni Bekobodda bosh vazir Mercedes’i va Damas ishtirokida YTH yuz berdi, hukumat rahbari bu hodisadan jiddiy shikastlanmadi, keyingi kuniyoq OAVda ko‘rinish berdi. Ammo Alisher Sultonovning chap son suyagi chiqqan, chanoq kosachasi yopiq singan, ko‘krak qafasi qovurg‘alari yopiq singan, bosh tepa sohasi lat yegandi. Keyinroq uni jarrohlik amaliyotidan o‘tkazish uchun xorijga olib ketishdi. Shundan keyin Sultonov «O‘zbekneftgaz» rahbarligidan ketdi, lekin bosh vazir o‘rinbosari lavozimini saqlab qoldi, u bu voqealardan ikki oy o‘tib, 19 oktabr kuni O‘zbekistondagi ilk AESni qurish uchun maqbul joyni topish bo‘yicha Jizzaxda muhandislik tadqiqotlarini boshlash marosimida ilk marta ko‘rinish bergandi. Dekabr oyi oxirida esa u «asosiy faoliyatidagi ish hajmi oshgani» uchun Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimidan ozod qilindi.

O‘zbekistonda YTH kamayishiga erishish uchun qancha qurbon kerak?

Sentabr oyida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tashabbusi bilan amaldorlar xizmat mashinalarini boshqarishiga taqiq qo‘yildi. Unga ko‘ra, viloyat, tuman, shahar hokimliklari mansabdor shaxslarining hokimlik balansida bo‘lgan davlat xizmat avtomashinalarini boshqarishi taqiqlandi. Hokimliklar xizmat avtomashinalarini haydovchi o‘rniga mansabdor shaxslarning boshqarishi oqibatida turli xil yo‘l-transport hodisalarining sodir etilgani, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik holatlari shunday qaror qabul qilinishiga sabab bo‘lgandi. Bundan buyon hokimlik xizmat avtotransport vositalarini faqat biriktirilgan haydovchilar boshqaradigan bo‘ldi.

26 noyabr kuni Shahrisabz - Qarshi avtomobil yo‘lida harbiy kolonna va «Lasetti» avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Buning natijasida «Lasetti» avtomobilidagi 3 kishi halok bo‘ldi.

Dekabr oyi oxirida Qoraqalpog‘istonda YTH oqibatida Qoraqalpog‘iston hukumati a'zolari - Qoraqalpog‘iston uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, «To‘yamo‘yin—Nukus» mintaqaviy suv o‘tkazgichidan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi yetakchi mutaxassisi halok bo‘lishdi. Bu YTH avtomobil yo‘l chetidagi to‘siqqa urilgach, undagi gaz balloni portlab, yong‘in chiqishi bilan birga kechdi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston IIV mamlakatdagi yo‘l-transport hodisalari va ular oqibatida halok bo‘lgan fuqarolar soni haqidagi haftalik statistikani faqat yuqorida keltirilgan uch hafta mobaynida e'lon qildi. Shundan keyin statistika berilishi to‘xtatib qo‘yildi. Yil yakunida ham yakuniy statistika berilmadi. Shaffoflik darajasi shunga mos baholanadi.


Is gazi qurbonlari

OAVda is gazidan zaharlanish holatlari bo‘yicha o‘nlab xabarlar berildi, o‘tgan kuzda va qishda o‘nlab kishilar vafot etdi.

Is gazi bilan bog‘liq eng noxush voqea oktabr oyi oxirida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ro‘y berdi. Tumandagi Dilxush ko‘chasidagi uylardan birida istiqomat qiluvchi oilaning 22, 17, 16 va 6 yoshda bo‘lgan farzandlari vafot etdi. Ularning ota-onasi behush holda shifoxonaga olib borildi va joni saqlab qolindi.

Bu fojiadan keyin zudlik bilan hukumat komissiyasi tuzildi. Uning oldiga shaxsiy uylarda isitish pechlari va isitish tizimlarini tekshirish va nazorat qilish vazifasi yuklatildi. Komissiyaga Ochilboy Ramatov bosh qilib tayinlandi.

Is gazi bilan bog‘liq yana bir shov-shuvli voqea noyabr oyi oxirida ro‘y berdi. Xorij nashrlarida 1 dekabrga o‘tar kechasi Farg‘ona vodiysida kuchli shamol kuzatilgani, buning oqibatida Andijonda bir kechada qariyb 100 kishi is gazidan zaharlangani haqida yozildi.

Kun.uz muxbiri xabarga oydinlik kiritish maqsadida Shahrixon tumanida bo‘ldi va is gazi bilan zaharlanish tashxisi shifokorlarga murojaat qilgan 35 bemorga qo‘yilgani haqida xabar berdi. Hodisaga chindan ham kuchli shamol sabab bo‘lgani, shu bilan birgalikda shikoyat qilganlarning hech birining holati og‘ir bo‘lmagani aniqlandi.

Ma'lumot uchun, is gazidan zaharlanish holatlari tabiiy gaz to‘liq yonmasligi va xona ichida to‘planishi, ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik, muqobil yoqilg‘i manbalaridan (ko‘mir, o‘tin va boshqa vositalar), qo‘lbola yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish oqibatida kelib chiqadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bu og‘riqli muammoning manbai ham qish kunlarida uylar ishonchli isitish vositalari bilan ta'minlab berilmaganidadir.

O‘rganish davomida qiziq holat yuzaga chiqdi. 2018 yilning avgustida «O‘ztransgaz» AJ ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2018 yilning 4 oyida (yanvar-aprel oylarida) is gazidan zaharlanish oqibatida 54 kishi jabrlangani, 58 kishi vafot etgani aytilgandi (2017 yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab 81ta is gazidan zaharlanish holatlari qayd etilgan va 83 kishi halok bo‘lib, 110 kishi jabrlangan). Ammo 2018 yilning oktyabriga kelib, yil ko‘rsatkichlari kamayib qoldi. Joriy yilning 10 oyida is gazi bilan bog‘liq 32 holatda 53 kishi jarohatlangani, 35 kishi vafot etgani ma'lum qilindi...
 

Paxta va ma'naviyat

Paxta-2018 ko‘p antiqa ishlar bilan yodda qoldi.

Mavsum boshida hukumat tomonidan paxta xom ashyosi mashinada terilganda bir tonna uchun 400 ming so‘m, qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha haq to‘lanishi belgilandi. Paxta mavsumida terimchilar uchun yaxshi yashash sharoitlari, yotoqxonalar tayyorlab berish vazifa qilindi, majburiy mehnatga qarshi targ‘ibotlar olib borildi.

Shunday tadbirlarga qaramasdan, paxta terimi uchun nafaqaxo‘rlardan pul yig‘ib olinishi holatlari, sabzavot yetishtiruvchi fermerlarni paxta terimiga majburiy jalb etish holatlari kuzatildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sentabr oyidayoq majburiy mehnatga jalb qilish holati bo‘yicha fuqarolardan 110dan ortiq murojaat kelib tushganini ma'lum qildi. Sentabr oyi oxirida majburiy mehnat bo‘yicha 26 holatda mansabdorlar javobgarlikka tortildi.

Qayd etish kerakki, keyingi yillarda majburiy mehnatga, xususan, bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida AQSh O‘zbekiston paxtasi mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqardi. Endilikda voyaga yetmagan bolalarni paxta dalasiga haydash emas, ularni daladan «haydash» amaliyoti kuzatildi.

Oktabr oyida viloyat hokimlari paxta terishga chiqa boshlashdi, Andijon viloyati hokimi tushlikkacha 50 kilogrammdan ortiq paxta terdi, Sirdaryo viloyati hokimining natijasi ma'lum emas. Keyinroq davlat tashkilotlari rahbarlari, jumladan «O‘zagrotexsanoatxolding» raisi, «O‘zpaxtasanoat» AJ xodimlari, «O‘zbekenergo» markaziy apparati xodimlari va hatto Xalqaro press-klub jamoasi paxta hashariga chiqdi. Bu vaqtda esa Toshkent shahridagi nashriyotlar rahbarlari paxta dalalariga chiqib, terimchilarga badiiy kitoblar tarqatishdi...

Lekin bu choralar naf bermadi.

15 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan jiddiy selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2018 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini jadallashtirish, terimchilarni dalaga safarbar qilish, kunlik terim sur'atini oshirishda joylarda mutasaddilar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tufayli joylarda sektor rahbarlari (tuman hokimi, prokuror, IIB boshliqlari, DSI boshliqlari) bo‘lgan 100dan ortiq kishiga nisbatan intizomiy chora (ishdan bo‘shatish, ikki oylik maoshdan mahrum etish, hayfsan) qo‘llanishi ma'lum qilindi. Keyinroq o‘nga yaqin tuman va shahar hokimlari paxta ishi tufayli ishdan olindi. Toshkent viloyati IIB boshlig‘i va Toshkent viloyati prokurori ham ishdan ketdi.

Noyabr oyi boshida paxta terimini 45 kilogrammdan oshirganlar uchun 1 litr yog‘ va'da qilindi.

Shuncha ovoragarchiliklarga yarasha paxta hosili rejasi baribir bajarilmadi. Hosil qanchani tashkil etgani, undan qancha daromad kelishi to‘g‘risida ham ma'lum qilinmadi, har holda OAV bundan bexabar.

O‘zbekistonda paxta o‘rniga boshqa ekinlar ekish masalasi kun tartibiga chiqdi. Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda paxta sohasi klasterlarga topshirilishi, 2020 yilgacha paxta xomashyosini eksport qilish to‘xatilishi, mahsulot qayta ishlanishi yo‘lga qo‘yilishi haqida bot-bot gapirdi.


Qo‘rquv ortidagi yolg‘onlar

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonning eng yangi tarixidagi eng sharmandali holatlar shu yilning oktyabrida, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on hamda Bekobod tumanlarida kuzatildi. Bu manzaralar ma'lum ma'noda haqiqiy ahvolimizni ko‘rsatib qo‘ydi.

26 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloknotlar ko‘tarishidan hokimiyat vakillari ekani ko‘rinib turgan 6 kishi ariq suvida qo‘l qovushtirib turgan holati tasvirlangan surat tarqaldi. Internetdagilar ularga «Ariqdagi oltovlon» deb nom berishdi.

Keyinroq ma'lum bo‘ldiki, bu holat O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzayev Oqqo‘rg‘on tumaniga g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonini tekshirish uchun kelganida ro‘y bergan, ishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdorlar shu tariqa jazolangan edi.

Foto: Facebook

Xuddi shu vaqtda boshqa bir 6 kishi ulkan kesaklar ko‘targan holati tasvirlangan surat ham tarqalgandi. Ularga «Tosh ko‘targan oltovlon» deb nom berishdi. Bu surat ham bosh vazirning Toshkent viloyatiga safari vaqtida, Bekobod tumanida olingandi. Suratdagilar «yaxshi tayyorlanmagan maydonga bug‘doy urug‘ini qadalishi»ga yo‘l qo‘ygan mas'ullar sifatida jazolangan turli darajadagi amaldorlar edi.

Bu suratlar butun dunyoga tarqalib ketishi ortidan, 29 oktabr Zoyir Mirzayevni iste'foga chiqarish to‘g‘risidagi farmon e'lon qilindi (Abdulla Aripov aniqlik kiritib, prezident uni 27 oktabr kuniyoq ishdan haydaganini ma'lum qildi), keyinroq Jizzax viloyatidagi Jizzax tumaniga rahbar etib jo‘natildi. Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumanida olti kishi ariqqa tushirilishiga guvoh bo‘lgan Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari va boshqalar lavozimidan olindi.

Suratlar tarqalishi bilan Kun.uz muxbiri Oqqo‘rg‘on tumaniga bordi va surishtiruv o‘tkazdi, bu surishtiruv yanada kulgili holatni yuzaga keltirdi: ariqqa tushgan kichik amaldorlar bu ishni o‘z ixtiyorlariga ko‘ra qilishgani haqida aytib berishdi, ularning javoblari bir-birinikiga to‘g‘ri kelmas, ular muxbirga ochiqchasiga cho‘pchak to‘qishardi. Jumladan, tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov g‘allaga suv quyilmaganini o‘zi aniqlab, jahl ustida oyoq kiyimi bilan suvga tushib ketgani va boshqalar unga ergashib, suvda ma'lum muddat turishganini hikoya qildi.

Bekobod tumanidagi holat bo‘yicha surishtiruvlar esa samara bermadi. Kesak ko‘tarib suratga tushganlardan biri shunday qiziq tafsilotni bildirdi: «Men voqea joyiga sal kech qolib keldim. Ular kesakni nega ko‘tarib olganiga tushunmay, qatorga qo‘shildim. Men ham kesakni qo‘lga oldim».

Bu jamoatchilikka ma'lum bo‘lib qolgan ikki holat. Ular lavozimli amaldorlarmidi yoki buyruqni so‘zsiz bajaruvchi askarlarmi? Bu holat fosh bo‘lganidan keyin jabrlanuvchilar nega o‘z sitamgarlarini himoya qilmoqchi bo‘lishdi? Ular nega qip-qizil yolg‘on gaplarni to‘qib chiqarishdi? Ular nega o‘z qadrini, inson qadrini bunchalar pastga urishdi? Ular nimadan bunchalik qo‘rqishdi?..


Qasamyod fleshmoblari

Bu yilda bizni aslo zeriktirib qo‘yishgani yo‘q.

Noyabr oyining ikkinchi yarmida Sirdaryo viloyati fermerlari «davlat xirmoniga va ichki bozorga mo‘l hosil yetkazib berishga qasamyod» qilishdi. Qasamyod matnida «shartnoma majburiyatlarini halol va vijdonan bajarmagan, qonun buzilishiga yo‘l qo‘yib, fuqaro, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazgan taqdirimda qonun oldida javob beraman», degan so‘zlar ham bor edi.

Bu fleshmobni Andijon viloyatidagi fermerlar ham davom ettirishdi. «Zarur bo‘lganda qo‘shimcha tijorat krediti va o‘z mablag‘im hisobidan 200 kilogrammdan azotli mineral o‘g‘it bilan g‘allani oziqlantiraman», degan so‘zlar bitilgandi andijonlik fermerlar qasamyodi matnida.

Ehtimol bunday tadbirlar butun respublika bo‘ylab o‘tkazilgandir, ammo OAVda faqat ikki holat bo‘yicha ma'lumot tarqaldi.

Kutilmaganda fermerlar ortidan shifokorlar ham qasamyod qabul qilib qolishdi. Yana Sirdaryo faollik ko‘rsatdi. Sirdaryoliklarga Samarqand viloyatidagi, vodiy viloyatlaridagi shifokorlar ham qo‘shildi. Ko‘p ehtimol bunday tadbirlar ham butun respublika bo‘yicha o‘tkazilgan, barchasi OAVga ma'lum bo‘lmagan.

Dekabr oyi oxirida esa Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan, «Islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari: axborot transformatsiyasi va kasb etikasi muammolari» mavzusida seminar-treningda tadbirga kelgan jurnalistlardan biri o‘ta jiddiylik bilan «jurnalistlarga qasam ichtirish»ni yo‘lga qo‘yish taklifini bergan.

Uning asl niyati nima bo‘lgan, chindan ham qasam ichishni shunchalik qattiq istaganmi yoki «qora piar» orqali nashrini tanitmoqchi bo‘lganmi, bu noma'lum. Lekin... Uyat! Uyat!


UzCard inqirozi

15 sentabr kuni soat 18:52da UzCard tizimida jiddiy nosozlik yuzaga keldi va bu muammo ikki kun o‘tib ham bartaraf etilmadi. Tizim ishdan chiqishi O‘zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga ta'sir ko‘rsatdi. 

Ikki kun davomida savdo shoxobchalari terminal bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilmay qo‘ydi, kartochka orqali onlayn tovar va xizmatlarni sotib olish, PayMe yoki Click orqali ham to‘lov qilishning imkoni bo‘lmadi. Bu holat esa o‘z-o‘zidan O‘zbekistondagi savdolarga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi.

UzCard tizimi ishdan chiqishi O‘zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga ta'sir ko‘rsatdi. Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning yanvar—avgust oylarida to‘lov terminallari orqali 39,2 trillion so‘m pul tushgan. Bu esa kuniga o‘rtacha 160 milliard, soatiga o‘rtacha 6,7 milliard so‘m degani.

17 sentabr kuni UzCard onlayn tizimi ishlash jarayoni tiklandi. Qayd etilishicha, tizimdagi nosozlik aniqlanganidan so‘ng, mutaxassislar tomonidan ularni bartaraf etish, protsessing markazi faoliyatini tiklash va kartochka ma'lumotlari saqlanib qolinishini ta'minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan, shuningdek, ro‘y bergan hodisa tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tizimni tiklash ishlariga qator mutaxassis-sheriklar ham jalb etildi. Natijada barcha texnik va dasturiy nosozliklar bartaraf qilindi.

19 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.


Qalampir kampaniyasi

2018 yil 27 yanvarida Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda xorijiy tajriba asosida hududlarda achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Joriy yil bahorida ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 15 ming gektardan ortiq maydonga eksportbop achchiq qalampir ko‘chatlari qadaldi.

O‘sha vaqtda katta shov-shuv ko‘tarilib, bir kilo achchiq qalampir jahon bozorida falon dollar ekan, o‘zbek fermerlaridan kilosini falon so‘mdan olisharkan, dehqonning ko‘kragiga ham shamol tegadigan kunlar keldi, qabilida so‘zlar yangradi. Ammo jo‘jani kuzda sanashdi.

Qalampir kampaniyasi ba'zi hududlarda, masalan Qashqadaryoda o‘zini oqlagan bo‘lsa-da, respublikaning aksar hududlarida, masalan, Xorazm, vodiy viloyatlari va Samarqandda dehqonlar mehnatiga ham, xarajatiga ham kuyishdi, olingan kreditlar uchun qarzdor bo‘lib qolishdi.

Yuzaga kelgan vaziyat saytda e'lon qilingan «Qoraqalpog‘istonda 2 milliard so‘mlik qalampir ko‘chati chiqitga tashlandi - muammoning sababi nimada?», «Qalampir ko‘chatini oldingiz, endi pulimizni bering!», «To‘rtko‘llik tadbirkor qalampir ko‘chatlari uchun 1 milliard so‘mdan ortiq pulini ololmayapti», «Fermerning mehnati o‘zini oqlaydimi? - Xorazm viloyatida achchiq qalampir yetishtirish muammolari», «Chuv tushgan dehqon endi qalampir chaynaydimi?» Andijonlik fermerlarda ham achchiq qalampir muammosi», «Qalampirning «achchig‘i» Samarqandga ham yetib keldi(mi?)», «Qalampir ekkanlarni ham piyoz ekkanlarning qismati kutmoqdami?» kabi materiallarda batafsil bayon qilindi.

Keyingi yilda O‘zbekistonda yanada ko‘proq maydonga achchiq qalampir ekilishi rejalashtirilgan...

2019 yilda bunday voqealar, ayanchli va kulgili holatlar kamroq bo‘lishiga, yaxshisi umuman bo‘lmasligiga umid qilib qolamiz.

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid