Yangi davrda O‘zbekistonda hech qaysi lavozim egalari hokimlarchalik ko‘p va doimiy ravishda medianing e’tibor markazida turmagan bo‘lsa kerak. Ular bu borada hatto shou-biznes vakillarini ham ortda qoldirdi deyish mumkin. Lekin bu safar ko‘tarilgan shov-shuvni avvalgilari bilan umuman taqqoslab bo‘lmaydi.

Chorshanba kuni internetda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga o‘xshash odamning intim videosi tarqaldi. Avvaliga ayrimlar bu hokimni badnom qilish uchun montaj qilingan video bo‘lishi mumkinligini aytdi, lekin hech bir rasmiy idora “bu video soxta” deb chiqqani yo‘q. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ham video haqiqiy yoki haqiqiy emasligiga munosabat bildirmadi. Rasmiy bayonotlarda “feyk”, “montaj” yoki “soxta” degan so‘zlar ishlatilmadi.

Oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas, Andijonni roppa-rosa 10 yildan beri boshqarib kelayotgan Abdurahmonov ishdan olingani, uning o‘rniga birinchi o‘rinbosari Dilshodbek Karimov vaqtincha hokim bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Bir necha soat o‘tib, bu ma’lumot rad etildi. Lekin bu xabar nafaqat Telegram'dagi turli-tuman norasmiy manbalar, balki Prezident administratsiyasiga yaqinligi aytiladigan kanallar va hatto rasmiy manbalarda ham chiqqaniga qaraganda, bu masala yuqori kabinetlarda haqiqatan ham muhokama qilingani, yakuniy qaror esa kimlardir kutgandek bo‘lmaganini taxmin qilish mumkin.

Juma va shanba kunlari Shuhrat Abdurahmonovning matbuot xizmati u viloyatning qator hududlarida bo‘lib, yangi loyihalar bilan tanishayotgani aks etgan suratlar va videolar e’lon qildi. Hokimlik internetda Abdurahmonovning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi haqoratomuz postlar yozilayotgani bo‘yicha prokuraturaga murojaat qilgan.

Bu holatda prokuratura nafaqat haqoratomuz postlar bo‘yicha, balki videoning tarqalishi bo‘yicha ham huquqiy choralar ko‘rishi to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki aynan video tarqalgan kun – 12 apreldan boshlab shaxs tanasining yoki jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto va videotasvirini uning roziligisiz tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilovchi qonun kuchga kirdi