Onix: Yetkazib berish muddatlari 2024 yilgacha cho‘zilib ketdi

Haftaning eng shov-shuvli voqeasi – kutilganidek, Chevrolet Onix sotuvi boshlangani bo‘ldi. Biz bu mavzuga avvalgi dayjestimizda ham to‘xtalgan edik. 9 ming dollardan 12 ming dollargacha bo‘lishi va’da qilingan avtomobil oxir-oqibat eng arzon komplektatsiyasi salkam 13 700 dollardan sotuvga chiqdi.

UzAuto monopol statusga egaligi sharoitida, narxning kutilganidan balandroq bo‘lgani talab yuqori bo‘lishiga xalal bera olmadi. Qator avtosalonlarda tirbandliklar yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlar esa satirik memlar va videolarga to‘ldi. Balki shu sababdanmi, xaridorlarning hammasi ham kamera qarshisida jurnalistlarga intervyu berishni xohlamadi. Ayrimlar esa yangi modelni olayotganini oddiy sabab bilan izohladi, ya’ni odamlar hozirgi modellardan zerikib ketgan: “Endi... Bilmayman... Bitta-yarimta yangi mashina minaylik devdik-da...”

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 1 noyabrda tuzilgan shartnomalar soni odatiy kunlarga qaraganda salkam 30 baravarga ko‘p bo‘lgan. Natijada atigi 3-4 soat ichida 1 yillik navbat shakllanib ulgurdi. Shartnomaga yangi qo‘shilgan bandga asosan, mijozlar belgilangan muddatdan keyin yana 45 kungacha kechikishiga ham rozi bo‘lishyapti. Ya’ni 50 foiz pulini hozir to‘laganlar mashinasini 2024 yilda olishi ham mumkin. Kompaniya xaridorlarni tinchlantirib, tuzilgan shartnomalarning ko‘pi 7 kun ichida pul to‘lanmagani uchun bekor bo‘lib ketishi, natijada 1 haftadan keyin muddat qisqarishi mumkinligini ma’lum qildi.

Yangi modelga investitsiya sifatida qarayotganlar ko‘pligini aytish kerak – xaridorlarning 45 foizi birdaniga ikkita va undan ortiq Onix uchun shartnoma olgan. Ularga birinchi buyurtmasidan keyingilarining yetkazib berish muddati qo‘shimcha 4 oyga oshadi.